• Adras va ipak gilam to’qish


    Ipakdan gazlama va gilam to’qish san’ati tarixi Buyuk ipak yo’liga borib taqaladi. Ushbu savdo yo’li orqali asosan, xitoy ipagi olib kelingan. Buyuk ipak yo’lidagi to’qimachilik markazlaridan biri Buxorodir. X asrda yashab o’tgan mashhur tarixchi Muhammad Narshaxiy o’zining “Buxoro tarixi” kitobida ta’kidlashicha, Movarounahrning biror shahrida ipakdan Buxorodagidek ajoyib va sifatli mato to’qilmagan. Bu yerda to’qilgan oq,qizil, yashil rangli ipak mato va gazlamalar Buyuk ipak yo’li orqali Eron, Hindiston, Vizantiya  va Misrga borib yetgan.

    Buxoroliklar pilladan mayin ipak ip ishlab chiqarish va undan mato tayyorlashni qadimdan xitoyliklardan o’rganishgan va undan shoyi, adras va alocha deb ataladigan antiqa matolarni to’qishgan.

    Buxoroliklar ushbu shoyi matolardan ayol va erkaklar uchun ko’ylak, to’n va dekorativ ko’rpa va yostiqlar tikishgan. Buxoroda tayyorlangan shoyi mat ova tayyor kiyimlar Xorazm, Eron va Yaqin Sharq mamlakatlarida katta mavqega ega bo’lgan. Shuni alohida qayd etish kerakki, buxoroliklar Xitoy texnologiyasini rivojlantirib, matoni ranglashda yangilik kiritishgan. Ipak tolalarni bo’yashda mahalliy tabiiy o’simliklardan keng foydalanishgan.Xitoyliklardan ham o’zib, o’ta mayin va mustahkam tola olishga erishgan buxorolik hunarmandlar o’z ipak matolarini Hindiston va Xitoyga eksport qilishgan.

    XII asrdayoq Buxoro hududida ipak va jundan gilamlar to’qiydigan mahalliy ustalar haqida dastlabki ma’lumotlar yetib kelgan. Jumladan, Marko Polo yurtimizda bo’lib, quyidagicha yozgan: “Bilinglar, bu yer o’zining o’ta nozik,ranglari nafis gilamlari bilan ajralib turadi”.

    Ipak gilam to’qish sohasida buxorolik yosh va g’ayratli  hunarmang Kosimov Ulug’bekning ham salmoqli hissasi bor. Sug’diyona, Varaxsha, Sosoniylar nusxalarini izlab topib, ularni qayta tikladi.