• Ganch o’ymakorligi


    Ganch o’ymakorligi – amaliy san’atning keng tarqalgan sohasi bo’lib, Buxoro hududida I asrdayoq ganchga o’yma naqshlar ishlangan. Poyekent, Varaxsha va Arkda olib borilgan arxeologik qazilmalar natijasida ganch o’ymakorligi namunalari va terakota haykalchalari topilgan. Islom madaniyati kirib kelishi bilan mahobatli binolar bezagida tasvirlar o’rnini o’yma girix va islomiy naqshlar egalladi.Buxorodagi XVII – XIX asrlarga mansub tarixiy yodgorliklar: Abdulazizxon madrasasi, Sitorai Moxi Xossadagi bezaklar bu davrda ganch o’ymakorligining o’ziga xos maktabi shakllanganini ko’rsatadi.XX asr boshlarida bu maktabning boshida Usta Shirin Murodov turdilar.

    Buxoro ganch o’ymakorligi ilgari “ustoz-shogird” usulida avloddan-avlodga o’tib kelgan bo’lsa, XX asrning 60-yillaridan boshlab badiiy bilim yurtlarida, havaskorlik to’garaklarida o’ymakorlik bo’yicha ta’lim berila boshlangan. XX asrning ikkinchi yarmida bunyod qilingan binolar: O’zbekiston xalqlari tarixiy muzeyi, Xalqlar do’stligi saroyi, Temuriylar tarixi Davlat muzeyi, Oliy majlis binosi va boshqalarda Buxoro ganch o’ymakorligi namunalari ham bor. O’sha davrlarda O’zbekistonda bunyod etilgan aksariyat jamoat binolari Buxorolik xalq ustalari ishtirokida bezatilgan.

    Mustaqillik yillarda ganch o’ymakorligiga alohida e’tibor berilmoqda. Buxorolik ustalar Alisher G’oyipov va Orif Qodirovlar ganch o’ymakorligi sohasidagi milliy an’analarni davom ettirib, zamonaviy mavzular bilan boyitmoqdalar.

    O’zbekiston Respublikasi birinchi Prezidenti I.A.Karimov tashabbuslari bilan barpo etilgan “Ko’hna va navqiron Buxoro” majmuasidagi musiqali drama teatrining sahna atrofi va portal qismi ham ganch o’ymakorligi usulida bezatilgan.