• Miskarlik va kandakorlik


    Kandakorlik – amaliy san’at turlaridan biri bo’lib, islomiy va girix naqshlardan foydalangan holda, sariq va qizil oftoba,  lali, tovoq, lagan, patnis, payola va boshqa sariq, qizil rangli metal buyumlarga chizish, o’yish naqsh tushirish sohasidir. Dastlab buyumlarga afsonaviy qahramonlar tasviri ishlangan bo’lsa, islom madaniyati ta’siri o’laroq, tasvirlar o’rnini  san’at asari darajasiga yetkazib ishlangan xatotlik namunalari egallagan. XIX asrning so’ngi choragida arzon mahsulotlarga bo’lgan talabning ortishi ularni sanoatda ko’p nusxalarda ishlab chiqarishga olib keldi. Bu esa misgarlik va kandakorlikning ma’lum darajasida susayishiga sabab bo’ldi.

    Buxoro kandakorlik maktabi – buyumlarga kesma usulida zarb berishga asoslangan bo’lib, asosan, XIX asrda shakllangan. Buxoro kandakorlik buyumlari shakli soda va xushbichimligi, naqshlari esa murakkab va nafisligi bilan ajralib turadi. Bu maktabga oid badiiy buyumlarning naqshlari biroz yirikroq bo’lib, ularda asosan me’moriy obidalar aks ettirilgan. XIX – XX asr boshida xattotlik yozuvlari o’simliksimon naqshga o’xshatib ishlandi. Buxoro kandakorlik maktabi vakillari : Shodi Muhammad, Hakim Buxoriy, Olim abdusalomov kabi ustalar bu san’at rivojiga katta hissa qo’shdilar.

    Buxoro kandakorlik maktabi ustalari buyumlarni shisha, feruza qadab bezaganlar, naqsh zamini rangli laklar bilan bo’yalgan, ba’zan buyum sirti qolipaki usulida ishlangan bezaklar bilan qoplangan.

    Hozirda Buxoro kandakorlik maktabida iste’dodli yoshlar hunar o’rganib, buyuk ustalar an’analarini davom ettirishmoqda.