• Ipak va Ziravorlar Festivali


    Buyuk ipak yo’lidagi Buxoro shahri tilga olinganida, tabiiyki, uning qadimiy o’tmishi va boy madaniy merosidan guvohlik beruvchi tarixiy obidalari, urf-odat va an’analari ko’z oldimizda namoyon bo’ladi.Buxoroda o’tgan XV ananaviy ipak va ziravorlar xalqaro festivalida bu jihatlar yanada yaqqol namoyon bo’ldi.

    Qadimiy Ark qal’asidan Labi hovuz sohillarigacha bayramona bezatilgan. Karnay-surnay sadolari, milliy liboslardagi yoshlar, folklor ansambllarining chiqishlari, Vatan, tinchlik, mustaqillik va do’stlikni madh etuvchi kuy-qo’shiqlar, raqs va laparlar tadbirga o’zgacha shukuh bag’ishladi.

    Viloyat hokimligi, “O’zbekturizm” milliy kompaniyasi Buxoro viloyati mintaqaviy bo’limi, “Hunarmand” uyushmasi viloyat boshqarmasi va boshqa bir qator tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan Ipak va ziravorlar festivali milliy hunarmandlikni rivojlantirish, uni xalqaro miqyosda keng targ’ib qilish, hunarmandlar o’rtasidagi aloqalarni kengaytirish hamda turizmni yanada ravnaq toptirish, Buxoroni jahon sayyohlik markazlaridan biriga aylantirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

    Labi hovuz majmuasida o’tkazilgan festivalning ochilish marosimida Prezidentimiz rahnamoligida turizmni rivojlantirish, yurtimizga kelayotgan chet ellik sayyohlar oqimini yanada ko’paytirish borasida amalga oshirilayotgan izchil ishlar yuksak samara berayotgani alohida ta’kidlandi.

    Festivalda jahonning ko’plab davlatlaridan xalq amaliy san’ati ixlosmandlari, soha mutaxassislari, sayyohlik tashkilotlari vakillari, hunarmandlar ishtirok etgani yurtimizga, xalqimizning Moddiy va Ma’naviy Merosiga qiziqish yil sayin oshib borayotganidan dalolatdir.

    Keng ko’lamli ko’rgazma-savdo rastalarida Buxoro mis-kandakorlik asarlari, kulolchilik va zargarlik buyumlari, zardo’zlik liboslari, devoriy kashtalar, vodiy atlasu adraslari, do’ppilari, chinni idishlari, Surxonning jun va ipakdan ishlangan mahsulotlari, Toshkentlik ustalarning yog’och o’ymakorlik ashyolari, Jizzaxning biser-munchoqli san’at asarlari, umuman, yurtimiz va xorijlik hunarmandlarning ipak mahsulotlari, ziravorlar, giyohlardan tayyorlangan shifobaxsh darmondorilar namoyish etildi. Buxoro rassomlik va miniatyura, zargarlik, zardo’zlik, mis-kandakorlik, temirchilik, gilamchilik va G’ijduvon kulolchilik maktablari ustalarining mahorat darslari tashkil etildi.