• Qadim Buxoroda o‘tgan yetti pir


    Birinchi piri Murshid : Xo’ja Abdulxoliq G’ijduvoniy.

    Musulmon Sharqida mashhur tariqat piri, xojagon-naqshbandiya silsilasining asoschisi Xoja Abdulxoliq G’ijduvoniy Buxoro viloyatining G’ijduvon tumanida tug‘ilgan. U boshlang‘ich ta’limni G’ijduvonda olib, 9 yoshidayoq Qur’oni karimni yod bilgan, 10 yoshidan boshlab darveshlarning zikr tushishlarida faol ishtirok etgan.

    Ikkinchi piri Murshid : Xoja Muhammad Orif ar-Revgariy.

    Xoja Muhammad Orif ar-Revgariy quddisu sirrihu Xoja Orif Mohi- tobon nomi bilan ham mashhur bo‘lgan. Xoja Orif Buxoro viloyatining Shofirkon tumanidagi Revgar qishlogida tug‘ilgan, yuz yildan ziyod umr ko‘rib, 1259 yilda vafot etgan. Qabri Shofirkon markazida obod ziyoratgohga aylantirilgan.1996 yil Xoja Orif jomesi qurildi.
    Naql etilishicha, Xoja Orif o‘rta bo‘yli, ochiq yuzli, katta ko‘zli, kamon qoshli, vujudidan mushku anbar hidi anqib turadigan zot bo‘lgan ekan.

    Uchinchi piri Murshid : Xoja Mahmud Anjir Fag‘naviy.

    Xoja Mahmud Anjir Fag‘naviy quddisu sirrihu Vobkent tumanidagi Anjir Fag‘ni qishlogida tug‘ilib, o‘sha yerda vafot qilgan. Bu qishloqning hozirgi nomi Anjirbog‘dir.
    Xoja Mahmud Anjir Fag‘naviy ilmi qol va ilmi holni hazrati Xoja Orif Revgariydan o‘rgangan. Ali Safiyning “Rashahotu aynul hayot” kitobida yozilishicha, Xoja Ali ar-Romitaniy Xizr alayhissalomdan: “Shu asru ayyomda pir deb kimning etagidan tutsa buladi?” deb so‘raganida Xizr alayhissalom: “Shu asru ayyomning murshidi Xoja Mahmud Anjir Fag‘naviydir!” deganlar. Xizr alayhissalomning. tavsiyasiga muvofiq Xoja Ali ar-Romitaniy Xoja Mahmudga murid bo‘ladi. Xoja Mahmud Anjir Fag‘naviy qabrlari ustida yangi makbara, maqbara yonida hovuz va jome’ masjidi qurilib ushbu joy obod ziyoratgohga aylangan.

    To’rtinchi piri Murshid : Xoja Ali Romitoniy.

    Xoja Ali Romitoniy quddisu sirrihu Xojai Azizon nomi bilan mashhur. Bu zoti sharif Romitonning Ko‘rgon qishlogida tug‘ilgan. Maqomati goyat oliy, karomati bisyor, kasblari to‘quvchi bo‘lgan. “Rashahot”da yozilishicha, 1310 yil, “Maqomati Shohi Naqshband”da ta’kidlanishi- cha, 1321 yilda vafot qilgan. Qabri Ko‘hna Urganchda, obod ziyoratgohdir.

    Beshinchi piri Murshid : Xoja Muxammad Boboyi Samosiy.

    Xoja Muxammad Boboyi Samosiy quddisa sirrihu. Bu muborak zotning muborak qabri Buxoro viloyatining Romiton tumanidagi Simos qishlogida.

    Oltinchi piri Murshid : Sayyid Amir Kulol.

    Sayyid Amir Kulol quddisu sirrihuning asli ismi Sayyid Amir Kalon bo‘lib, Buxoro yaqinidagi Suxor qishlog‘ida tug‘ilgan. Bu zot taxminan 1287 yillarda dunyoga kelgan. Kulolchilik bilan shug‘ullangani sababli Mir Kulol nomi bilan mashhur bo‘lgan. Mir Kulolning bir yuz o‘n to‘rtta avliyo bo‘lgan xalifasi bor edi. Eng yetuklari Bahouddin Naqshband, Mavlono Orif Degaroniy, Shayx Yodgor Valiy, Shayx Jamoliddin Dehai Osiyoi, Shayx Shamsiddin Kulol, Xoja Darzuniylardir.

    Yettinchi piri Murshid : Hazrati Sayyid Muhammad Bahoul-haq val-millat vad-dunyo ud-din Naqshband ibn Sayyid Jaloliddin.

    Bu kishi sohibi karomat, olimi rabboniy, Qur’oni karim va payg‘ambar alayhissalomning sunnatlarini xalqqa yetkazib, islom dini rivojiga muhim hissa qo‘shgan valiyullohdir.
    Bahouddin Naqshband hazratlari 1318 yil Buxoro shahri yaqinidagi Qasri Hinduvon qishlog‘ida tug‘ilgan. Ul zoti sharif sharofatidan qishloqning nomi Qasri Orifonga aylangan.
    Abulhasan Muhammad Boqir bin Muhammad Alining “Maqomoti shohi Naqshband” kitobida yozilishicha, Bahouddinga bevosita Sayyid Mir Kulol ustozlik qilgan. Hazrat ona tomonidan siddiqiydir, ya’ni nasablari Abu Bakr Siddiqqa borib taqaladi.
    Bahouddin Naqshband hazratlari 1389 yil Qasri Orifonda vafot etgan.